Asosiy asal yig‘ish vaqti tugashi bilan, ona ari tuxum qo‘yishni ozaytiradi. Asalarilar erkak arilarni uyadan haydab chiqaradi va arixonaga ari yelimini (propolis) keltirib, eshikchalarni toraytiradi. Asalarilar qishga tayyorgarlikni boshlaganligini bildiradi. Yosh asalarilar qishlovdan yaxshi chiqadi. Shuning uchun kuzda qurtchalarni ko‘paytirish kerak. Buning uchun oilada yosh ona ari bo‘lishi zarur. Tabiatda gulshirasi bo‘lmaganida shakar sharbati beriladi. Asalari uyasi qiskartiriladi. Uyadan oz asalli ramkalarini olib, ko‘p asalli ramkalar qoldiriladi. Oz asalli ramkalar diafragma orqasiga qo‘yilsa, asalarilar asal tashib olib o‘tadi. Qurtchalarni ko‘paytirish uchun oziqani sentyabr oyidan boshlab oz-ozdan, ikki yuz gramm dan berish kerak. Qishlovga asalarilar oziqani o‘rtada joylashgan ramkalarga ozroq, chetdagi ramkalarga ko‘proq qo‘yadi.
Qishlovga kamida oltita asalli ramkani to’la qoplagan asalarilar kirsa yaxshi bo‘ladi. Bunday asalari oilasiga kamida o’n kg asal kerak. Qishlovga asal to‘plash uchun, ularni o‘simliklar bor joyga ko‘chirish zarur. Ko‘chirilmagan holatda asalarilar qishlovga yaramaydigan pad asal to‘playdi. Shira beruvchi gullar bo‘lmasa, oziqa uchun shakar sharbati berilsa qishlov yaxshi o‘tadi. Mumkatakli ramkalardagi qurtchalarning ko‘pchiligi yetilib chiqishi bilan, asalari uyalarini qishlov uchun yig‘ish kerak.
Uyadagi asalarilar qancha ramkani qurshab olgan bo‘lsa, qishlatish uchun shuncha ramka qoldiriladi. Uyada qoldirilgan asalli ramkalarning usti yarim berkitilgan bo‘lib, har bir ramkada 1,5-2 kg asal bo‘lishi shart. Sovuq va issiq ob-havo asalari oilasiga bir xil zarar ko‘rsatadi. Havo 4 darajadan pasayganida, ularning yonidan ham o‘rab isitish kerak. Harorat 4 darajadan yuqori bo‘lsa, ustidagi to‘shakchasi yetarli bo‘ladi.
Qishlovga uyalar yig‘ilib bo‘lganidan keyin, arixona eshikchalarini sichqon o‘ta olmaydigan qilib toraytiriladi. Asalarilar o‘tib yurishi uchun joy qoldiriladi. Arixonalarni sovuq shamol va qattiq sovuqlardan saqlash uchun to‘silgan joylarga o‘rnatish zarur.
Qish davrida sog‘lom asalarilar asalni uncha ko‘p sarf qilmaydilar. Bahorga chiqish oldidan ona ari tuxum qo‘ya boshlaydi, qurtchalar paydo bo‘lishi bilan asal ishlatish ko‘payib boradi. Bu davrda asalning ko‘p qismi ari qurtchalarini o‘stirish uchun, arixonani isitish uchun sarf qilinadi. Oziqa yetarli bo‘lmasa, yarim kg asalni qog‘ozga o‘rab, uya ramkalar ustiga qo‘yiladi. Normal qishlayotgan asalarilar, qishning birinchi yarmida tinch turadilar. Qishning ikkinchi yarmida asalari qurtchalari paydo bo‘ladi va kunlar isiy boshlashi bilan asalarilarning vizillashi tabora kuchayadi.
Asalari oilalari qishlovdan yaxshi chiqishi uchun quyidagi ishlarni bajarish kerak:
Kuzda yosh asalarilarni ustirish.
Varroatoz va akarapidoz kana va bitlariga qarshi kurashni o‘z vaqtida to‘g‘ri qo‘llash.
Asalari shamolashini oldini olish uchun shakar sharbatiga antibiotiklar qo‘shib berish.
Ari oilasida sifatli oziqa qoldirish (tez kristallanadigan va pad asalarini qoldirish mumkin emas).
Arixonalar elvizak joylarga o‘rnatilmasligi.
Qishlov vaqtida asalarichi haftada bir marta asalaridan habar olib uya namlanishini kuzatib turishi.
Ari uyasini o‘z vaqtida qisqartirib, asalarilar qancha mumkatakli ramkalarni egallab tursa, shuncha ramkalar qoldirilishi.
Har bir qoldirilgan mumkatakli ramkalarda bir yarim-ikki kg asal bo‘lishi shart.
Manba: mirishkor.uz