YANGI ARI OILASINI BARPO QILISH
Yangi ari oilasi tabiiy (asalarichining ishtirokisiz) va sun’iy yo‘l bilan barpo bo‘ladi. Asalarilarning ko‘ch ajratishi shundan iboratki, ishchi arilardan bir qismi ona ari bilan birgalikda oiladan ajralib uchib ketadi va yangi oila barpo qiladi. Ari oilasida dastlab tuxumlar qo‘yilgan mum katakchalari va keyinchalik kuch onadonlari paydo bo‘lishi, oilaning kuch ajratishga tayyorlanayotganligini ko‘rsatadi.
Kuch ajratishga tayyorlanayotgan oilaning ona arisi tuxum qo‘yishni kamaytiradi va ko‘chning ajralib chiqishiga bir necha kun qolganida tuxumni kamdan-kam qo‘yadi. Tabiiy ko‘ch ajratishga tayyorlangan oilada qizg‘in ishlar sekinlashadi, asalarilar dalaga kam qatnaydilar, havo isib ketganida ari xonadan tashqariga chiqib, arixona ostonasi tagiga to‘planib turadi.
Havo to‘satdan buzilib, yog‘ingarchiliq va sovuqdar boshlansa, asalarilar onadonlarini kemirib tashlaydi hamda ulardagi qurtchalarni yoq qiladi.
Iliq kunlar hamda asal to‘plash boshlanishi bilan asalarilar yangi onadonlar ko‘rib, yana ko‘ch ajratishga tayyorgarlik ko‘radilar. Onadonlarning hammasi bir kunda qurilmasdan, bu ish bir necha kunga cho‘ziladi. Shu sababli yosh ona arilar ham bir vaqtda chiqmay, bir-ikki kun oralatib chiqadi.
Birinchi onadonlarning usti berkitilgandan so‘ng oiladan keksa ona ari bilan birlikda birinchi ko‘ch ajralib chiqadi. Bu ko‘ch – birinchi ko‘ch deb ataladi.
Ko‘ch ajralganida arixonaning eshikchasidan rininglarcha asalarilar arixonani tashlab ketishga shoshilganday bo‘lib uchib chiqadilar. Uchib chiqqan asalarilar vizillab havoda aylanib yuradilar. Bunday vizillash ovozi odatdagi uchishdan bo‘ladigan vizillashdan boshqacharoq bo‘ladi. Tajribali asalarichi, uzoq joyda turganida ham, shu vizillash tovushiga quloq solib, ko‘chning ajralib chiqayotganligini payqaydi.
Ona ari ko‘chning yarmidan ko‘proq qismi chiqqandan keyingina arixonadan chiqadi. Ona ari odatda uchishga shoshilmaydi. U arixona ostonasining chetigacha o‘rmalab kelganidan keyingina uchadi va ajralib chiqqan ko‘chga borib qo‘shiladi.
Birinchi ko‘ch arizor yaqinidagi daraxt shoxiga, devorga yoki boshqa narsalarga qo‘nadi va uzum boshiga o‘xshab turadi.
Daraxtga qo‘ngan ko‘chni olish uchun ko‘ch idishini asta-sekin ko‘chning tagiga yaqin keltirib, daraxt shoxini qattiq silkitib asalarilarni idishga tushirish lozim. Ona ari va boshqa arilarning ko‘p qismi ko‘ch idishga tushganidan so‘ng, atrofda yoki daraxtda qolgan asalarilar ona ari bor idishga uchib kelishadi. Yig‘ib olingan ko‘ch tinchishi bilan uni ramkalar qo‘yilgan yangi arixonaga to‘kiladi. Keyin yangi arixonaga bir ramka ochiq qurtchalar, asal va gulchangi bor ramkalar boshqa oiladan olib qo‘yiladi. Ertasi kuni yangi oilani ko‘chi aniqlanib, kerak bo‘lsa sun’iy mumpardali ramka qo‘yiladi. Bunday ko‘ch yig‘ib olinib, boshqa arixonaga joylansa va u shu arizorning o‘ziga qo‘yilsa, asalarilar yangi arixonaga tez odatlanib qoladilar va o‘zlarining ilgan yashagan arixonasini butunlay uno‘tadilar.
Arixonadan chiqqan ona ari ba’zan havoga ko‘tarilib ko‘ch orqasidan borishga qurbi yetmay qoladi. Bunday holda ajralib chiqqan ko‘ch arixonaga qaytadi. Ikkinchi kuni bu ko‘ch yangidan uchib chiqadi. Ba’zan ona ari ucha olmasdan yerga tushib nobud bo‘ladi. U holda ko‘ch arixonaga qaytadi va bir necha kundan keyin birinchi yosh ona ari chiqarilishi bilan yangidan ajralib chiqadi. Bunday hollarda birinchi ko‘chning onasi urug‘lanmagan yosh ona aridan iborat bo‘ladi.
Biror joyga qo‘ngan ko‘ch o‘z vaqtida yig‘ib olinmasa, birdaniga uchib ketadi va uni to‘xtatib bo‘lmaydi. Agar ko‘ch kunning ikkinchi yarmida ajralib chiqqan bo‘lsa, uchib ketmasdan daraxt shoxida tunashi ham mumkin.
Birinchi ko‘ch bilan arixonadagi asalarilarning yarmi, ba’zan bundan ham ko‘proq qismi chiqadi. Ajralib chikadigan asalarilar chiqish oldidan jig‘ildonlariga asal to‘ldirib oladilar.
Ko‘ch ajratgan oilada asalarilarning soni katakchalardagi tuxumlardan har kuni chiqqan yosh arilar bilan tez tiklanadi. Bir necha kun o‘tgach onadondan birinchi yosh ona ari chiqadi.
Ona arining onadondan chiqishiga taxminan bir yoki ikki kun qolganda asalarilar onadonning uchidagi mumni kemirib ona ari pillasini yalangochlaydilar. Buning natijasida ona arining chiqishi ancha yengillashadi. Ona ari pillaning qopqoqchasini tamoman kemirmasdan, qismangina kemirib chiqadi ona ari chiqqanidan keyin bu qopqoqcha onadondan osilib turadi va yangidan yopilib qolishi ham mumkin. Bunday onadon buzilmagan butun onadonga juda o‘xshaydi.
Ona ari onadondan chiqish oldidan jarangsiz ovoz beradi.
Agar asalarilar bu ovozga javob bermasalar, u holda yosh ona ari onadonni kemirib chiqadi.
Yangi chiqqan ona ari uyadagi onadonlarni ko‘rganidan keyin bezovtalana boshlaydi; mumkataklar bo‘ylab yuguradi, onadonlardagi ona arilarni yo‘qotishga urinadi. Agar oilada ko‘ch ajratish holati tugagan bo‘lsa, asalarilar xali onadondan chiqmagan ona arilarni yuqotish uchun ona ariga to‘sqinlik qilmaydilar, balki onadonlarni kemirish yo‘li bilan unga yordamlashadilar. Agar oilada ko‘ch ajratish holati davom etsa, asalarilar onadonlarni yuqotilishiga yo‘l qo‘ymaydilar. Bu holda ona ari «tyu..tyu..tyu» degan ovozlarga o‘xshash tovush chiqarib, arixonada yugurib yuradi. Onadonlardagi ona arilar esa «kva...kva..kva» degan ovozlarga o‘xshash jarangsiz tovushlar bilan javob beradilar.
Bunday tovushlar arixonaning tashqarisiga ham eshitiladi. Asalarichilar bunday ovozlarni – ona arilarning ashulasi deb ataydilar. Bunday ashula – ertasiga ikkinchi ko‘ch ajralib chiqishidan darak beradi. Ikkinchi ko‘ch urug‘lanmagan yosh ona ari bilan chiqadi. Yomg‘irlar bo‘lishi sababli ikkinchi ko‘chning chiqishi bir necha kunga kechiksa, u bilan bir nechta ona ari chiqishi mumkin.
Ikkinchi ko‘ch chiqqandan keyin bir kun o‘tgach oila uchinchi ko‘chni ham ajratishi mumkin. Bu ko‘ch bilan odatda bir nechta ona ari birga chiqadi. Agar asalarilarning o‘z ixtiyoriga qo‘yilsa, ular to arixonada bir siqim asalari qolguncha ko‘ch ajrata beradilar.
Ajralib chiqqan ko‘chlar ko‘pincha o‘zlaridan ilgan ko‘ch qo‘ngan joyga qo‘nadilar. Ba’zan bir vaqtda uchib chiqqan ko‘chlar aralashib ketib bir joyga qo‘nadilar.
Oilada ko‘ch ajratish holati tugab, oradan bir necha kun o‘tgach, undagi yosh ona ari erkak ari bilan juftlashish uchun uchib chiqadi va shu oilada qoladi.
Tabiiy ko‘ch ajratish oilalarni kuchsizlantiradi. Onadonlar ko‘rilgan paytidan boshlab ko‘ch ajratish to‘xtab qolguncha asalarilar sekin ishlaydilar, asalni kam to‘playdilar, ona arini ko‘paytirish uchun yaramaydigan oilalardan ham yetishtiraveradi, ona arining yoshini va nasl-nasabini aniqlab bo‘lmaydi. Shuning uchun hozirgi vaqtda tabiiy ko‘ch ajratish qo‘llanilmaydi, yangi oilalar sun’iy yo‘l bilan barpo qilinadi.
Asalari oilasi ko‘ch ajratish holatiga tushmasligi uchun quyidagi ishlarni bajarish kerak:
Ari oilasidan ishsiz asalarilarni va yopiq qurtchali ramkalarni olib yangi nukleuslar (kichik oila) yaratish.
Ari oilasida yoshi ikki yildan o‘tmagan urug‘langan ona ari asrash.
Zotli arilarni asrash.
Asalarilarni gulshira to‘plash, yangi in ko‘rish ishlari bilan ta’minlash.
Arixonalarni gulshira ajratayotgan gullar bor yerga ko‘chirish.
Ari oilalarini katta arixonalarda asrash.
Arixonalarni soat 12:00-16:00 gacha soya tushadigan joylarga o‘rnatish kerak.
Ari uyasining havo almashishini kuchaytirish zarur.
Arizordagi o‘g‘irlikni oldini olish
Erta bahorda ari oilalarini tez-tez ko‘rib turish asalarilar uchun foydali bo‘lmay, aksincha rivojlanishini sekinlashtiradi, ishlariga xalakit beradi. Har safar ko‘rish vaqtida ari uyasi soviydi, bu asalarilarga zarar qiladi. Shu sababli ari oilalarini puxta ko‘rib chiqib, ularning ko‘nglidagiday rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratgandan keyin, tez-tez ochib asalarilarni bezovta qilmaslik lozim.
Erta bahorda o‘simliklarda shira va gulchangi bo‘lmagan davrda asalarilar o‘rtasida o‘g‘irlik yuz berishi mumkin. O‘gri asalarini darrov bilib olsa bo‘ladi. O‘g‘irlik sodir qilayotgan asalarilar yot arixonaga birorta yoriqchadan kirishga urinadilar. Agar yoriqchadan kira olmasalar to‘g‘ri eshikcha oldiga borib undagi poyloqchi asalarilar bilan urisha boshlaydilar. O‘g‘ri asalarilar qosh qorayib asalarilar uchmaydigan vaqtda ham zo‘r berib uchayotganini ko‘rish mumkin. Shu vaqtda bunday asalarilarni birini ushlab salgina bosilsa uni og‘izchasidan asal tomchisi chiqadi.
O‘g‘irlik boshlangan bo‘lsa uni to‘xtatish qiyin. Yaxshisi asalarilar o‘rtasida sodir bo‘ladigan o‘g‘irlikni oldini olish uchun asalarichi quyidagi choralarni qo‘llashi kerak:
Arixona eshikchalarini toraytirish.
Arizorda kuchsiz oilalarni asramaslik.
Onasiz qolgan oilalarni tuzatish.
Arixonalardagi hamma yoriq teshiklarni bekitmok lozim.
Uyadagi oshiqcha ramkalar olinib oilaning kuchiga mos keladigan miqdorda ramkalar qolishi kerak.
Asalarilarga oziqa berishda ehtiyot bo‘lib, arizorga, arixonalar ustiga shakar sharbatini tukmasdan berish.
Asalarilar oilalarini ko‘rishda arixonalarni uzoq vaqt ochib kuymaslik.
Asalli va asalsiz ramkalarini, idishlarini asalarilar kira olmaydigan yopiq binolarda saqlashi lozim.
Agar arizorda o‘g‘irlik boshlangan bo‘lsa, hujum qilinayotgan arixonaning eshikcha atroflarini va boshqa teshikchalarini kerosin bilan ho‘llash kerak. Bordiyu o‘g‘irlik to‘xtamasdan juda avj olsa, hujum qilinayotgan arixonani zudlik bilan boshqa yerga ko‘chirish zarur. Uzoqqa ko‘chirishni imkoni bo‘lmasa hujum qilinayotgan arixona eshikchasini panjara bilan to‘sib salqin yerga olib qo‘yish kerak. Arizorda o‘g‘irlik to‘xtaganidan so‘ng u o‘z o‘rniga o‘rnatilishi lozim.
Qaysi arixona asalarilari o‘g‘irlik qilayotganligini bilish uchun, o‘g‘irlik qilinayotgan arixona atrofida va eshikchasi oldidagi arilar ustidan un sepish kerak. Un sepilgan arilar qaysi arixona ichida uchratilsa, demak shu oila o‘g‘irlik qilyapti.
Qorovul arilar
Ishchi arilar o‘z uyasini, o‘g‘ri asalari, qovoqari, sichqon va boshqa zararkunandalardan qo‘riqlab turadilar. Bu ishni maxsus 18-21 kunlik qorovul arilar, arixona eshikchasi oldida turib bajaradilar. Har bir asalari oilasini o‘ziga xos hidi bor. Qorovullar o‘z arisini, shu hiddan bilib oladilar. Chet arilarni jig‘ildonlarida asal yoki orqa oyoqchalarida gulchangi bo‘lgan holdagina qo‘riqchi arilar arixonaga kirgizishi mumkin.
Asalarilar chet arilarning hujumidan o‘zlarini nayzalari bilan himoya qiladilar. Asalarining nayzasi qorin ichiga joylashgan bo‘lib, u chaqqanida tashqariga chiqariladi. Asalari odamni chaqqanidan keyin uni nayzasi yulinib chiqib odamning tanasida qoladi. Keyinchalik bu asalari nobud bo‘ladi. Nayza kirgan joyiga asalarining zaxri o‘tadi, bu joy achib og‘riydi va shishadi.
Asalarining zaxri ko‘p miqdorda bo‘lmasa odam uchun xavfli emas. Allergiyasi bor odam ehtiyot bo‘lishi kerak. Lekin asalarilar tez-tez chaqishi natijasida odam organizmi bunga odatlanib qoladi. Sichqon va chumchuq kabi kichkina hayvonlar asalarining bir chaqishi bilan o‘ladi. Asalari spirt hidini, ayniqsa ter hidini yoqtirmaydi. Asalarini yuvoshlantirish uchun asalarichi ari oilasiga tutatqich yordamida tutun tutatadi. Tutun yuborishi bilan asalarilar xavf sezib jig‘ildonlarini asal bilan to‘ldirib oladilar. Shu sababli chaqish qobiliyati susayadi.
Manba: mirishkor.uz