FAO O‘zbekiston asalarichilari uyushmasiga laboratoriya jihozlarini topshirdi
2021 yil 24-dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ajratilgan grant mablag‘lari hisobiga sotib olingan asal sifatini tahlil qilishga mo‘ljallangan zamonaviy o‘quv laboratoriya jihozlarini O‘zbekiston asalarichilari uyushmasiga topshirdi. O‘quv laboratoriya jihozlarini topshirish marosimida uyushma xodimlari, asalarichilik sub’ektlari, Samarqand veterinariya meditsina instituti Toshkent filiali talabalari va doktorantlari ishtirok etishdi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston asalarichilari uyushmasi raisi Sharofiddin Baxriddinov va FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov grant mablag‘lari hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar va uning soha uchun ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tishdi. Jumladan, ushbu uskunalar “Asalarichilikni barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida taqdim etilganligi va loyihaning asosiy maqsadi asalarichilik mahsulotlarining ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan barqaror ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdan iborat ekanligini ta’kidlashdi.
Shuningdek, asalning shifobaxsh xususiyatlari qadim zamonlardan beri ma’lum. Ammo asalarichilikning daromad olish imkoniyatlari qanchalik yuqori ekanligini hamma ham bilmaydi. Ayni paytda bu qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i bo‘lgani uchun O‘zbekiston hukumati uni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.
– Oqilona yondashuv bilan asalarichilik yaxshi daromad manbai bo‘lishi bilan birga aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, qishloq ayollarini ish bilan ta’minlash masalalarini hal etishga yordam beradi. Loyihani amalga oshirishda soha vakillarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, sohaga innovatsion texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratamiz” deyildi.
2019 yildan buyon amalga oshirilayotgan FAO loyihasi doirasida asalarichilik mahsulotlari sifatini nazorat qilishning ilg‘or usullarini qo‘llash, asalarilar kasalliklari va parazitlarga qarshi kurashishda zamonaviy usullardan foydalanish, nektar yig‘ish imkoniyatlari, asalarichilikda gender jihatlari, asalarichilikni nazorat qilish kabi masalalar bo‘yicha qator treninglar tashkil etildi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi kollejlari, oliy o‘quv yurtlari, shuningdek, Toshkent va Farg‘ona shaharlaridagi asalarichilik markazlarida o‘quv jarayonini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ilg‘or xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda o‘zbek tilida asalarichilikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy tavsiyalar tayyorlandi.
Loyihani amalga oshirishda asalarichilar uchun innovatsion axborot almashish tizimining yaratilishi ham muhim o‘rin oldi. Maxsus mobil ilova asal ishlab chiqaruvchilarga barcha zarur o‘quv va statistik ma’lumotlarni onlayn tarzda taqdim etish orqali ularning faoliyatini yaxshilashga mo‘ljallangan.