Namanganda ilk bor xalqaro asal festivali boʼlib oʼtdi
28–30 oktyabr kunlari Namangan shahridagi «Аfsonalar vodiysi» istirohat bogʼida Birinchi Namangan xalqaro asal festivali oʼtkazildi.
Festival davomida 250 dan ortiq mahalliy va xorijlik asalarichilar oʼz mahsulotlarini namoyish etdilar. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari asal mahsulotlari, asalarichilik, asal yigʼish va asalarilar bilan changlatish haqida maʼlumotlarga ega bo'ldilar. Shu qatorda asal mumidan malham ishlab chiqarish, asalarichilik hunarmandchiligi buyumlarini tayyorlash, turli hildagi asallardan tatib koʼrish imkoniga ega boʼlishdi.
Bundan tashqari, tadbir dasturidan respublikada qishloq xoʼjaligi turizmini rivojlantirish masalalariga bagʼishlangan «Ilmiy-amaliy konferentsiya» va asal koʼrgazmalari, sport musobaqalari, mehmonlar uchun kontsert, shuningdek asalarichilik sohasidagi yetakchi mahalliy va xorijlik asalarichilik sohasidagi mutaxassislardan mahorat darslari oʼrin oldi.
Festival doirasida «Аfsonalar vodiysi» istirohat bogʼida «Eng yaxshi qadoqlangan asal» va «Eng tabiiy asal» nominatsiyalari boʼyicha tanlovlar oʼtkazildi.