O‘zbekiston asalarichilari uyushmasi va «Aloqabank» aksiyadorlik tijorat banki hamkorligida poytaxtimizda asal bayrami va asal mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi
O‘zbekiston asalarichilari uyushmasi va «Aloqabank» aksiyadorlik tijorat banki hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki yuz ellikdan ortiq asalarichi o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi.
Mamlakatimizda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi muttasil oshmoqda. Yurtimiz bozorlarida bo‘lgan kishi savdo rastalarida tovlanayotgan turfa noz-ne’matlarni ko‘rib, ona yer saxovati, dehqon himmatiga tasanno aytadi. Ushbu ne’matlar orasida, ayniqsa, asal o‘zining shifobaxsh xususiyatlari bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Yurtimizning mo‘tadil iqlimi asal yig‘ish va asal mahsulotlari yetishtirish uchun juda qulaydir.
Prezidentimizning 2017-yil 16-oktabrdagi “Respublikamizda asalarichilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohani rivojlantirishning ustuvor vazifalarini belgilab olishda dasturilamal bo‘layotir. Unga ko‘ra, yurtimizda faoliyat yuritayotgan asalarichilarni birlashtirish, o‘zaro tajriba almashishiga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi tashkil etildi.
Uyushmaga a’zo xo‘jaliklar 2023-yilgacha sohada qo‘llaniladigan uskunalar, asalari uyalarini tashish uchun maxsus transport vositalari, asalari kasalliklari va zararkunandalariga qarshi qo‘llaniladigan veterinariya dori vositalari, preparatlar, mumparda va mum mahsulotlar uchun bojxona to‘lovlari to‘lamaydi. Bu esa mahsulot hajmi ortishini ta’minlaydi. Xususan, 2017 yil 15 tonna asal va asal mahsulotlari yetishtirgan asalarichilar 2021-yilga borib bu ko‘rsatkichni 23 tonnadan oshirishi kutilmoqda.
2017 yilning 10-dekabrigacha davom etadigan tadbir doirasida O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi vakillari va asalarichilar ishtirokida ilmiy-amaliy seminarlar va boshqa tadbirlar o‘tkazildi.